O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori 18.04.2019 yildagi 329-son qarori

By | Juma Dekabr 20th, 2024

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori 18.04.2019 yildagi 329-son qarori

 

“Davlat teatrlari va konsert-tomosha muassasalari faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”

 

Vazirlar Mahkamasining “2018 — 2022-yillarda davlat teatrlarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash va ularning faoliyatini rivojlantirish chora-tadbirlari dasturi to‘g‘risida” 2018-yil 5-yanvardagi 9-son qaroriga muvofiq Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:

  1. Quyidagilar:

Davlat teatrlari va konsert-tomosha muassasalari faoliyatini tashkil etish tartibi to‘g‘risidagi nizom 1-ilovaga muvofiq;

Oldingi tahrirga qarang.

Davlat teatrlari va konsert-tomosha muassasalari faoliyatini baholash, toifalari (guruhlari)ni belgilash hamda rag‘batlantirish tartibi to‘g‘risidagi nizom 2-ilovaga muvofiq;

(1-bandning uchinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 25-avgustdagi 423-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 26.08.2023-y., 09/23/423/0654-son)

Davlat teatrlari va konsert-tomosha muassasalarining bilet narxlarini shakllantirish tartibi to‘g‘risidagi nizom 3-ilovaga muvofiq;

Davlat teatrlarida sahnalashtiriladigan sahna asarlarini yaratish bo‘yicha davlat buyurtmasini shakllantirish tartibi to‘g‘risidagi nizom 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

  1. Quyidagilar davlat teatrlari va konsert-tomosha muassasalarining asosiy vazifalari etib belgilansin:

milliy istiqlol g‘oyalariga hamohang, badiiy jihatdan yuksak, xalqchil sahna asarlarini sahnalashtirish, tomosha va konsert dasturlarini yaratish;

xalqimiz, ayniqsa, yoshlar qalbida milliy g‘urur, milliy iftixor tuyg‘ularini shakllantirish, ularni ona Vatanga muhabbat, umumbashariy qadriyatlarga hurmat, insonparvarlik g‘oyalariga sadoqat ruhida tarbiyalashga munosib sahna asarlari, tomoshalar va konsert dasturlari bilan hissa qo‘shib borish;

aholining turmush madaniyatini oshirish, milliy qadriyatlar, urf-odatlar, an’analar, milliy bayramlarni tiklash hamda davom ettirishda ko‘maklashish;

teatr va tomosha san’atini keng targ‘ib etish maqsadida mamlakatimiz va xorijiy muassasalar bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni amalga oshirish;

teatr va tomosha san’ati oldiga qo‘yilgan vazifalarni samarali tashkil etish uchun xodimlarning malakasini oshirish choralarini ko‘rish, ularni ma’naviy va ijtimoiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash, tashabbuskorlikni rag‘batlantirishning samarali usullarini joriy etish;

ko‘rgazmalar, festival, ko‘rik-tanlov, ma’ruzalar, madaniyat, san’at, ilm-fanning atoqli arboblari bilan uchrashuvlar, benefis, teatr spektakllari, maxsus tayyorlangan dasturlar, dam olish va ijodiy kechalar, maqsadli teatrlashtirilgan marosim kechalari va boshqa tomosha tadbirlarini tashkil qilish va o‘tkazish;

mamlakatda va xorijda teatr va konsert-tomosha gastrol faoliyatining keng ko‘lamli dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirish.

  1. Davlat teatrlari va konsert-tomosha muassasalari o‘z ustavlarini bir oy muddatda mazkur qarorga muvofiq qayta ko‘rib chiqsinlar.
  2. Quyidagilar davlat teatrlari va konsert-tomosha muassasalari faoliyatini moliyalashtirish manbalari etib belgilansin:

O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablag‘lari;

pulli xizmatlar ko‘rsatishdan tushgan mablag‘lar;

mol-mulkni ijaraga berishdan olingan daromadlar;

xalqaro moliya institutlari, xorijiy tashkilotlar, donor mamlakatlar va tashkilotlarning grantlari;

yuridik va jismoniy shaxslarning homiylik xayriyalari;

Oldingi tahrirga qarang.

qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar.

(4-bandning yettinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)

Bunda davlat teatrlari va konsert-tomosha muassasalariga budjet mablag‘lari o‘z daromadlari bilan qoplanmagan qismi uchun ajratib beriladi.

  1. Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi davlat teatrlari va konsert tashkilotlarining maqomi to‘g‘risida” 1992-yil 13-yanvardagi 11-son qarori o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.
  2. O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda o‘zlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
  3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining madaniyat vaziri B.S. Sayfullayev zimmasiga hamda Vazirlar Mahkamasining Yoshlar siyosati, madaniyat, ma’naviyat, ommaviy axborot vositalari, ijodiy va jamoat tashkilotlari masalalari kotibiyatiga yuklansin.

 

O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV

Toshkent sh.

2019-yil 18-aprel,

329-son qaror