Qoraqalpoq davlat qo‘g‘irchoq teatri – xalqaro sahnada!

By | Yakshanba Sentyabr 28th, 2025

Qoraqalpoq davlat qo‘g‘irchoq teatri jamoasi Qozog‘iston Respublikasining Aqtobe shahrida o‘tkazilgan “Assalawmu aleykum VII xalqaro qo‘g‘irchoq teatrlari festivali”da yurtimiz nomidan munosib tarzda ishtirok etdi.

Mazkur festivalda teatr jamoasi mashhur adib U. O‘sarov asari asosida rejissyor F. Mirzayev tomonidan sahnalashtirilgan “Men uchuvchi bo‘laman” spektaklini namoyish etdi. Asarda bolalarning orzu va intilishlari samimiy va ta’sirchan tarzda ifodalangan bo‘lib, kichik tomoshabinlarning qalbidan chuqur o‘rin oldi. Tomosha davomida va yakunida tomoshabinlarning iliq olqishlari sahnani to‘ldirdi.

Yurtimiz teatr jamoalarining xalqaro maydonda bunday muvaffaqiyatli chiqishlari milliy madaniyatimizning yuksak darajada rivojlanib borayotganini ko‘rsatibgina qolmay, balki butun xalqimiz madaniy hayotidagi muhim voqea sifatida e’tirof etiladi.

Shu bilan birga, O‘zbekiston Respublikasi Qoraqalpoq davlat qo‘g‘irchoq teatri direktori Mambetaliev Usmanatdin Kaziyatdinovich Rossiya Federatsiyasi Mordoviya Respublikasi davlat qo‘g‘irchoq teatri direktori Romanovskiy Evgeniy Yakovlevich bilan o‘zaro tajriba almashish maqsadida rasmiy Memorandum imzoladi. Ushbu kelishuv asosida ijodiy hamkorlik yo‘lga qo‘yilib, rejissyorlar, rassomlar va aktyorlar o‘rtasida tajriba almashish ishlari rejalashtirilgan.