O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori 25.12.2023 yildagi PQ-406-son
Kuchga kirish sanasi
27.12.2023
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
“Aholiga madaniy xizmat ko‘rsatish darajasini yanada oshirish chora-tadbirlari” to‘g’risida
Aholi, ayniqsa, olis hududlarda istiqomat qiladigan fuqarolarga va turistlarga madaniy xizmatlar ko‘rsatish darajasini oshirish, ijodiy jamoalarning respublika hududlari bo‘ylab gastrol safarlarini tizimli tashkil etish, madaniyat maskanlari imkoniyatlaridan samarali foydalanish, iste’dodli yosh ijodkorlarni qo‘llab-quvvatlash ko‘lamini kengaytirish hamda sohaga xususiy sektorni keng jalb etish, shuningdek, «O‘zbekiston — 2030» strategiyasini izchil amalga oshirish maqsadida:
- Quyidagilardan iborat 2024-2025 yillarda respublikada o‘tkaziladigan ommaviy-madaniy va kontsert-tomosha tadbirlarining kalendar rejasi (keyingi o‘rinlarda — 2024-2025 yillar uchun reja) tasdiqlansin:
2024-2025 yillarda Qoraqalpog’iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida teatr, tsirk va kontsert-tomosha tashkilotlari jamoalarining gastrol safarlari hamda hududlarning madaniyat kunlarini o‘tkazish rejalari 1.1 — 1.14-ilovalarga muvofiq;
2024-2025 yillarda Madaniyat vazirligi tomonidan «Madaniyat karvoni» shaklida hududlarda kontsert-tomosha tadbirlarini o‘tkazish rejasi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
- 2024-2025 yillar uchun rejada belgilangan tadbirlarning ijrosini samarali tashkil etish maqsadida:
- a) Madaniyat vazirligi:
2024-2025 yillar uchun rejada belgilangan madaniy tadbirlar repertuarlarining yuksak badiiy-g’oyaviy mazmunda ishlab chiqilishini va yuqori saviyada o‘tkazilishini ta’minlasin;
Qoraqalpog’iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari bilan birgalikda 2024-2025 yillar uchun rejada belgilangan tadbirlarni o‘tkazish joyi, vaqti, ishtirok etadigan ijodkorlar haqida aholini kamida ikki oy oldin xabardor qilish tizimini yo‘lga qo‘ysin;
- b) Qoraqalpog’iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimlari:
bir oy muddatda Madaniyat vazirligi bilan birgalikda 2024-2025 yillar uchun rejada belgilangan madaniy tadbirlar o‘tkaziladigan joy, vaqt, ularni moliyalashtirish hajmi va manbaini aniq belgilagan holda hududiy rejalarni tasdiqlasin;
ikki oy muddatda 2024 yil uchun hududiy kalendar rejalarni, jumladan o‘z hududida faoliyat yurituvchi badiiy jamoalarning kontsert-tomosha dasturlarini davlat muassasa, tashkilot va korxonalarida, xiyobon va sayilgohlar, istirohat bog’lari, madaniyat maskanlarida doimiy o‘tkazishni nazarda tutgan holda tasdiqlasin;
2024-2025 yillar uchun rejada belgilangan tadbirlarning yuqori saviyada o‘tkazilishi uchun zarur tashkiliy masalalarni hal qilsin;
madaniyat kunlari tadbirlari doirasida o‘z hududida faoliyat yuritayotgan madaniyat muassasalari jamoalarining boshqa hududlarga gastrol safarlari xarajatlarini moliyalashtirsin;
- v) Turizm qo‘mitasi 2024-2025 yillar uchun rejaga kiritilgan madaniy tadbirlarga turistlarni jalb qilish bo‘yicha turoperatorlar orasida targ’ibot ishlarini amalga oshirsin.
- Badiiy havaskorlik jamoalarining faoliyatini qo‘llab-quvvatlash va ular tomonidan ko‘rsatilayotgan madaniy dasturlarni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish maqsadida:
2024 — 2027 yillarda badiiy havaskorlik jamoalarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash bo‘yicha maqsadli ko‘rsatkichlar 3-ilovaga muvofiq;
2024 yilda badiiy havaskorlik jamoalarini musiqa cholg’ulari, sahna liboslari, texnik jihoz va uskunalar to‘plami bilan ta’minlash bo‘yicha manzilli reja 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Belgilab qo‘yilsinki:
badiiy havaskorlik jamoalarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash uchun talab etiladigan musiqa cholg’ulari, sahna liboslari, texnik jihoz va uskunalarning namunaviy to‘plami Madaniyat vazirligi tomonidan tasdiqlanadi;
2025 — 2027 yillar uchun badiiy havaskorlik jamoalarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash bo‘yicha yillik manzilli reja har yili 1 yanvarga qadar Qoraqalpog’iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari bilan kelishgan holda Madaniyat vazirligi tomonidan tasdiqlanadi;
mazkur qarorga 3- va 4-ilovalarga muvofiq badiiy havaskorlik jamoalarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash bilan bog’liq xarajatlar respublika byudjetidan Madaniyat vazirligiga qo‘shimcha ajratiladigan mablag’lar hisobidan moliyalashtiriladi;
byudjet hisobidan moddiy-texnika bazasi mustahkamlangan badiiy havaskorlik jamoalarining pulli tushumlarini birinchi yilda ikki baravarga, keyingi yillardan boshlab esa kamida 20 foiz miqdorida oshirib borish parametrlari ularning har biri bo‘yicha Madaniyat vazirligi tomonidan tasdiqlanadi.
- Qoraqalpog’iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari o‘z hududlarida kontsert-tomosha tadbirlarining yillik kalendar rejasiga muvofiq o‘tkaziladigan madaniy tadbirlarda va ish beruvchilarning tashabbusi bilan mehnat jamoalarida badiiy havaskorlik jamoalarining kontsert-tomosha dasturlarini shartnoma asosida tashkil etishiga mas’ul etib belgilansin.
- Madaniyat vazirligi Qoraqalpog’iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari bilan birgalikda 2024 yildan boshlab har ikki yilda bir marta oktyabr oyida badiiy havaskorlik jamoalari o‘rtasida respublika tanlovini o‘tkazsin.
Bunda, tanlovlarni o‘tkazish hamda g’olib va sovrindor deb topilgan badiiy havaskorlik jamoalarining nufuzli xalqaro folklor festivallarida ishtirok etishi bilan bog’liq xarajatlar Davlat byudjeti mablag’lari hisobidan qoplanadi.
- 2024 yil 1 apreldan boshlab «Madaniyat to‘lqinlari» media loyihasi amalga oshirilsin.
Bunda:
ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari orasida milliy g’urur, Vatanga sadoqat, turli sohalarda kasbiy madaniyatni rivojlantirish, oilaviy qadriyatlar, urf-odat va an’analar kabi umuminsoniy ezgulik g’oyalarini targ’ib qilish hamda media makonni ushbu mavzudagi materiallar bilan boyitish nazarda tutiladi;
media loyiha doirasida tanlov o‘tkaziladigan yo‘nalishlar va ularning kontseptsiyasi Madaniyat vazirligi, Yoshlar ishlari agentligi, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi tomonidan belgilab beriladi;
tanlov doirasida jamoatchilik tomonidan ijobiy qabul qilingan va g’oyaviy yuksak eng yaxshi 50 ta media mahsulotning har biri 50 million so‘m pul mukofoti bilan taqdirlanadi;
tanlovni tashkil etish va g’oliblarni rag’batlantirish bilan bog’liq xarajatlar Madaniyat vazirligi, Yoshlar ishlari agentligi, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazining jamg’armalari mablag’lari hisobidan teng ulushlarda qoplanadi.
- Turistik ob’ektlarda milliy va tarixiy sahnalarni yaratish orqali sayyohlar uchun ularning jozibadorligini yanada oshirish maqsadida turizm ob’ektlarida ijodiy jamoalarning teatrlashtirilgan tomosha va kontsert dasturlari tashkil etilsin.
Madaniyat vazirligi, Turizm qo‘mitasi va Madaniy meros agentligining quyidagi tashabbuslariga rozilik berilsin:
2024 yil 1 apreldan boshlab «Xon qabuli» teatrlashtirilgan tarixiy tantanali rasmiy qabul marosimini namuna sifatida Qo‘qon shahridagi Xudoyorxon o‘rdasida tashkil etish hamda uning ijobiy natijalarini bosqichma-bosqich Buxoro, Samarqand va Xiva shaharlarida qo‘llash;
5-ilovada belgilangan turizm ob’ektlarida teatrlashtirilgan tomosha va kontsert dasturlarini tashkil etish hamda ularni sahnalashtirish vaqti va davriyligini Turizm qo‘mitasi tomonidan belgilash;
Madaniyat vazirligi tomonidan har bir ob’ektning tarixi hamda hududning o‘ziga xos qadriyat, urf-odat va an’analari asosida teatrlashtirilgan tomosha va kontsert dasturlarini ishlab chiqish hamda ijodiy jamoalarni tayyorlash;
teatrlashtirilgan tomosha va kontsert dasturlarini tashkil etish uchun har yili Turizm qo‘mitasi huzuridagi Turizmni qo‘llab-quvvatlash jamg’armasi hisobidan Madaniyat vazirligining byudjetdan tashqari jamg’armasiga kamida 2 milliard so‘m mablag’ ajratib borish.
- Milliy madaniyatimizni xorijiy davlatlarda faol targ’ib etish va ommalashtirish bilan shug’ullanuvchi chet el fuqarolari, jumladan vatandoshlar faoliyatini rag’batlantirish va qo‘llab-quvvatlash maqsadida «O‘zbek madaniyati elchisi» maqomini berish tizimi joriy etilsin.
Belgilansinki:
«O‘zbek madaniyati elchisi» maqomi Tashqi ishlar vazirligi bilan kelishgan holda Madaniyat vazirligining Hay’at qaroriga muvofiq beriladi hamda ularga ko‘krak nishoni va yorliq topshiriladi;
«O‘zbek madaniyati elchisi» maqomini olgan chet el fuqarolariga milliy madaniyatimizni targ’ib qilishda zarur bo‘lgan milliy liboslar, musiqa cholg’ulari, adabiyotlar, hunarmandchilik va madaniyatimizni targ’ib qiluvchi boshqa mahsulotlar O‘zbekistonning xorijdagi diplomatik vakolatxonalari orqali etkazib beriladi;
O‘zbek madaniyati elchilarining faoliyat natijadorligidan kelib chiqib, Madaniyat vazirligi tomonidan ularni davlat mukofotlariga tavsiya etish to‘g’risida takliflar kiritib boriladi;
«O‘zbek madaniyati elchisi» maqomini olgan chet el fuqarolariga mahsulotlarni xarid qilish hamda ularning faoliyatini rag’batlantirish bilan bog’liq xarajatlar «Vatandoshlar» jamoat fondi mablag’lari hamda Madaniyat vazirligining byudjetdan tashqari jamg’armasi mablag’lari hisobidan qoplanadi.
- Hududlarning o‘ziga xos turistik salohiyatini targ’ib qilish va sayyohlar tashrifini yanada oshirish maqsadida:
- a) 2024 yil 1 apreldan boshlab aholi orasida, ayniqsa, ijtimoiy tarmoqlarda mashhur bo‘lgan mahalliy va xorijiy shaxslar ishtirokida «Yulduz bilan sayohat» loyihasi amalga oshirilsin.
Bunda:
Madaniyat vazirligi ijtimoiy tarmoqlarda 500 mingdan ortiq obunachisi bo‘lgan shaxslar ro‘yxati va ular ishtirokida tashkil etiladigan tadbirlar dasturini shakllantiradi;
loyiha ishtirokchisining tadbirlar dasturi kamida bir oy oldin uning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari va tashkilotchilarning axborot manbalarida e’lon qilib boriladi;
loyiha doirasida Madaniyat vazirligiga ishtirokchining gonorarini bozor kon’yunkturasidan kelib chiqib belgilash va u bilan to‘g’ridan-to‘g’ri shartnoma tuzishga ruxsat beriladi;
loyihani amalga oshirish bilan bog’liq barcha xarajatlarni qoplash uchun har yili Turizm qo‘mitasi huzuridagi Turizmni qo‘llab-quvvatlash jamg’armasidan Madaniyat vazirligining byudjetdan tashqari jamg’armasiga kamida 4 milliard so‘m mablag’ ajratib boriladi;
- b) 2024 yil 1 apreldan boshlab 6-ilovadagi ro‘yxatda belgilangan manzillarda «Ko‘cha san’ati va musiqasi» loyihasi amalga oshirilsin.
Bunda:
Madaniyat vazirligi va Turizm qo‘mitasi tomonidan ijodkorlarning ko‘cha san’ati va musiqasi kontsert dasturlari muvofiqlashtirib boriladi;
Qoraqalpog’iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari tomonidan tegishli ko‘chalarda cholg’u asboblari, rassomchilik va hunarmandchilik savdo rastalari tashkil etiladi;
har chorak yakunida har bir hududdan 10 nafar faol ijodkor Qoraqalpog’iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari mahalliy byudjet mablag’lari hisobidan bazaviy hisoblash miqdorining kamida 20 baravari miqdoridagi pul mablag’lari bilan rag’batlantirib boriladi. Bunda, loyiha ishtirokchilari faoliyatini reyting asosida baholash va ularning rag’batlantirilishi Madaniyat vazirligi tomonidan raqamlashtirish orqali monitoring qilinib, muvofiqlashtiriladi.
- Madaniyat va san’at sohasidagi tanlovlarning keng jamoatchilik ishtirokida va shaffof tarzda o‘tkazilishini ta’minlash maqsadida, tajriba tariqasida, 2024 yildan boshlab:
7-ilovada ko‘rsatilgan Madaniyat vazirligi tomonidan tashkil etiladigan ko‘rik tanlovlar teletanlov shakliga o‘tkaziladi;
8-ilovada ko‘rsatilgan ko‘rik tanlovlarni tashkil etish va o‘tkazish xususiy sektorga beriladi.
Belgilab qo‘yilsinki, mazkur qarorga 7-8-ilovalardagi tanlovlar bo‘yicha:
tashkilotchilar Madaniyat vazirligi tomonidan eng yaxshi taklifni aniqlash yo‘li bilan tanlab olinadi;
amaldagi moliyalashtirish manbalari va hajmi saqlab qolinadi hamda tanlovlarni o‘tkazish tartibi Madaniyat vazirligi tomonidan tasdiqlanadi;
tanlovlarni tashkil etish va o‘tkazishga yo‘naltirilgan homiylik xayriyalari metsenatlik ko‘magi hisoblanadi hamda ularga nisbatan qonunchilikda belgilangan soliq imtiyozlari qo‘llanadi.
- Madaniyat vazirligi Raqamli texnologiyalar vazirligi va Ichki ishlar vazirligi bilan birgalikda 2024 yil 1 avgustga qadar ommaviy madaniy va kontsert-tomosha tadbirlari o‘tkaziladigan ob’ektlarni ijaraga berish jarayonlarini raqamlashtirishni nazarda tutuvchi axborot tizimini ishlab chiqsin.
- Madaniyat vazirligi Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg’armasi, manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda:
xalqaro madaniyat va san’at festivallarini rejalashtirish va o‘tkazish, ularning ommaviyligi va samaradorligini oshirish to‘g’risida;
qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g’risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
- Mazkur qaror ijrosini samarali tashkil qilishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib madaniyat vaziri O.A. Nazarbekov, Turizm qo‘mitasi raisi U.R. Shodiev, Qoraqalpog’iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimlari belgilansin.
Qaror ijrosini nazorat qilish va ijro uchun mas’ul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYoEV
Toshkent sh.